Ehtiyojmand oilaga yangi uy sovg‘a qilindi

News Image

Yangi yil arafasida Navoiy viloyati Uchquduq tumanida insonparvarlik va saxovat timsoliga aylangan yana bir xayrli ish amalga oshirildi. “Ishonch Feruz” xususiy korxonasi rahbari Husniddin Normurodovning tashabbusi bilan bir ehtiyojmand oilaga zamonaviy, to‘liq jihozlangan uy sovg‘a qilindi.

Ushbu ezgu amal tufayli tuman aholisi orasida qiyin ijtimoiy sharoitda yashayotgan Noila Ikromova va uning farzandlari yangi xonadonga ega bo‘ldi. Bu oila a’zolari uchun Yangi yil arafasidagi eng quvonchli sovg‘a bo‘ldi.

Yangi uy kalitini topshirish marosimida mehmonlar oilani Yangi yil bilan tabriklab, ularga ezgu tilaklar bildirdi.

Zamonaviy ko‘rinishda barpo etilgan uy zarur maishiy jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, unda yashash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.  

Tuman hokimligi tomonidan Yangi yil bayrami munosabati bilan sovg‘alar va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Bu esa oila uchun qo‘shimcha quvonch va e’tibor bo‘ldi.

Bunday xayrli tashabbuslar jamiyatda mehr-oqibat, insonparvarlik va ijtimoiy hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

2026-01-02 |

Yangiliklar