Sayyor sud majlisi mahallada o‘tkazildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani sudining tergov sudyasi B. Saburov tomonidan tumandagi Ullubog‘ mahallasida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.
Bu galgi sud majlisi odatdagi sud binosida emas, balki aholi o‘rtasida – mahallaning o‘zida tashkil etildi.
Maqsad esa: huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jazolash bilan birga, qolganlarga saboq bo‘lib, qonunga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlash.
Majlis davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131, 183, 185 va 202-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan 5 nafar shaxsga nisbatan javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi. Sudya ishlarni chuqur tahlil qilib, har bir huquqbuzarga qilgan qilmishiga yarasha 5 sutkadan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Shu sayyor sud majlisiga guvoh bo‘lgan mahalla ahli ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, qonun buzilsa, jazo muqarrar ekanini anglab yetdi. Bu kabi sud majlislari jamiyatda tartib va intizomni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Darhaqiqat, qonun hammamiz uchun barobar. Agar har birimiz o‘z burchimiz va mas’uliyatimizni bilsak, oilada ham, mahallada ham, butun jamiyatda ham tinchlik bo‘ladi.