“Prezident sovg‘asi” jamlanmasi hududlarga yetkazilmoqda

Sanoqli kunlardan so‘ng ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanadi. Bu yil maktab o‘quvchilarini o‘tgan yillardagidan farqli “Prezident sovg‘asi” kutmoqda.
Xususan, joriy o‘quv yilida Toshkent viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 57 ming 401 nafar o‘quvchining 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Maktab ostonasiga ilk qadam qo‘yayotgan bolalarga 13 nomdagi “Prezident sovg‘asi” jamlanmasi topshirilishi belgilangan bo‘lib, bu ezgu tashabbus davlatimiz rahbari tomonidan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga, ularning intellektual va ma’naviy rivojiga qaratilgan yuksak e’tibori va doimiy g‘amxo‘rligining amaliy ifodasidir.
Ushbu sovg‘alar bosqichma-bosqich barcha tuman-shaharlardagi maktablarga yetkazilib, o‘quv yilining birinchi kuni bolalarga topshiriladi. Xususan, shu kunlarda Yangiyo‘l tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 57 ta umumta’lim muassasasiga “Prezident sovg‘asi” jamlanmalarini yetkazib berish ishlari boshlangan.
Mazkur jamlanmalar 2025–2026 o‘quv yilida hududdagi 1-sinfga qabul qilinishi kutilayotgan 3 ming 721 nafar bolajon uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular yangi o‘quv yilini zarur o‘quv anjomlari bilan boshlashlariga xizmat qiladi. Ta’kidlash lozim, “Prezident sovg‘asi” jamlanmasidan “Alifbe” darsligi, yozuv daftarlari, rangli qog‘ozlar to‘plami, rasm daftari, rangli qalamlar, yelim, maktab sumkasi va boshqa zarur o‘quv qurollari o‘rin olgan.
Muhimi, taqdim etilayotgan ushbu sovg‘alar mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor va yosh avlodning sifatli bilim olishiga yaratilayotgan sharoitlarning amaliy ifodasidir.