Murojaat tadbirkor foydasiga hal bo‘ldi

News Image

Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorga keng yo‘l ochish, biznes egalari oldida turgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, ularga har tomonlama ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Namangan viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘ining ishbilarmonlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida ham ayni shu haqda so‘z bordi.

Viloyat investitsiya, sanoat va savdo boshqarmasida tashkil etilgan tadbirda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, eksport va investitsiya salohiyatini oshirish, yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda xorijiy sarmoyadorlarning qonuniy manfaatlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

O‘ttizdan ortiq sub’ekt vakillari ishtirok etgan muloqotda xususiy sektor rivojiga doir bir qator taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlandi. Bildirilgan dolzarb masalalar tegishli tashkilotlar mutasaddilari tomonidan diqqat bilan eshitildi va bu borada aniq amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, Davlatobod tumanida joylashgan viloyatdagi yirik eksportyor korxonalardan biri “Fazman texstil” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Tohirjon Jo‘rayev tomonidan soliq stavkasini kamaytirish, quyosh paneli o‘rnatilgan yerga nisbatan imtiyoz berilmagani yuzasidan qilgan murojaati o‘z yechimni topdi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish darkor, bugungi kunda ishbilarmon yurtdoshlarimizning  faoliyati evaziga hududlarda yuzlab yangi bo‘sh ish o‘rinlari yaratilmoqda. Albatta, joylarda o‘tkazilib kelinayotgan bunday  ochiq muloqotlar esa tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, yangi g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirishda qo‘l kelmoqda.

2025-07-23 |

Yangiliklar