Adliya xodimlari aholi muammolarini tinglamoqda

Namanganda viloyat adliya boshqarmasi hamda uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ularning muammo va masalalarini uyma-uy o‘rganish orqali hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida hududiy adliya bo‘limlari tomonidan 84 ta mahallada “Huquqiy mahalla” konsepsiyasi doirasida o‘rganishlar olib borilib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotlar, sayyor qabullar tashkil etildi.
Jumladan, adliya xodimlari 14 ta mahallada mavjud 10 ming 286 xonadoning 6 ming 350 tasida o‘rganish olib bordi. Buning natijasida, tug‘ilish guvohnomasini rasmiylashtirish, takroriy guvohnoma olish, nikohni qayd etish, uy-joy hujjatini rasmiylashtirish, ish haqqi va mehnat munosabatlari, nogironlikni belgilash, aliment undiruvi, subsidiya olish, meros ishini rasmiylashtirish kabi 4 ming 837 muammo aniqlanib, maxsus platformaga kiritilib, hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, mazkur mahallalarda “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida 585 nafar fuqaroning tug‘ilish, nikohni qayd etish, o‘lim guvohnomalari rasmiylashtirib berildi.
Uyma-uy o‘rganishlar jarayonida, 9 ming 814 ta targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, 6255 ta qonunchilikdagi yangiliklarni o‘z ichiga olgan buklet va flayerlar tarqatilib, 15 mingdan ziyod aholi qamrab olindi.
Qolaversa, haftaning har chorshanba kuni “Huquqiy targ‘ibot kuni” tadbiri doirasida har bir hududda uch marotaba “Sayyor qabul” uyushtirilib, adliya boshqarmasi rahbariyati va hududiy adliya bo‘limi boshliqlari tomonidan aholining muammolari tinglanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi tadbirlar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash borasida olib borilayotgan islohotlarda adliya xizmatchilarining munosib hissasi borligidan dalolat beradi.