Sayyor qabul: hokimlar fuqarolar muammolarini tingladi

Poytaxtimizda hokimliklar tomonidan fuqarolar bilan ommaviy sayyor qabul bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar hamda Olmazor tumanlari hokimliklarining rahbarlari hamda tumandagi tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Qabul davomida o‘z muammoli masalalarini hal etish maqsadida kelgan fuqarolarning murojaatlari, taklif va mulohazalari tinglandi. Aksariyat murojaatlar joyida ijobiy hal etildi.
Jumladan, fuqarolardan ishga joylashish, uy-joy, yer va bo‘sh bino, bank krediti olish, elektr tarmog‘i tortish, davolanish uchun yordam, kommunal xizmatlarga ulanish kabi masalalardagi murojaatlar kelib tushdi.
Yechimi o‘rganish va vaqt talab etadigan masalalar yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar, mas’ul rahbarlarga esa aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida ham tuman hokimi tomonidan sayyor qabul o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Ushbu murojaatlarning yechimi bo‘yicha tuman hokimligida qat’iy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, muammoli masalalarni shaxsan tuman hokimi joyiga chiqqan holda o‘rgandi.
Jumladan, "Oliy himmat" MFY binosida o‘tgan qabulda “Navnihol” mahallasi fuqarolarining ikki qavatli uylarning “renovatsiya”ga tushishi to‘g‘risida murojaatlari tinglandi. Tuman hokimi masalaga oydinlik kiritish uchun joyiga chiqqan holda murojaatni o‘rgandi.