Murojaatlar ijobiy hal etilmoqda

Tadbirkorlar bilan yaqindan muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish va unga yechim topish maqsadida Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Eshmatov Ko‘kdala tumanidagi “Yettitom” kichik sanoat zonasida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida bugun yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilayotgan imtiyozlar, imkoniyatlar haqida taqdimot o‘tkazildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilarni murojaatlari tinglandi.
Muloqotda soliq imtiyozlaridan foydalanish, soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, soliq hisobotlarini topshirishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni bartaraf etish va soliq idoralari faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar tinglandi.
Jumladan, tumandagi “Kotonella” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Davrug‘ Inog‘amdjanov murojaat qilib foyda solig‘ida mavjud ortiq to‘langan 736 million so‘m mablag‘ni hisob raqamga qaytarishda amaliy yordam so‘radi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyati shu yerning o‘zida hal etildi. Yechimi o‘rganish va vaqt talab etadigan murojaatlar yuzasidan esa chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, muloqot davomida soliq qonunchiligidagi eng so‘nggi yangiliklar yuzasidan ma’lumotlar berildi.