Aholi muammolari tinglanib, ularga yechim topilmoqda

News Image

Andijonda Respublika ishchi guruhi, Xalq qabulxonasi va tashkilot rahbarlari ishtirokida ommaviy sayyor qabullar bo‘lib o‘tmoqda.

Ommaviy sayyor qabullar oldidan Bobur shahrida respublika ishchi guruhi tomonidan mahallalarda aholi bilan muloqotlar tashkil etish, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. 

Respublika Ishchi guruhi rahbari – Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Po‘lat Bobojonov raisligida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, Xalq qabulxonasi, tashkilot rahbarlari, respublika ishchi guruhi a’zolari ishtirok etgan yig‘ilishda tasdiqlangan rejaga muvofiq joylarda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Qo‘rg‘ontepa tumani Jannatbuloq mahallasidagi saylgohda respublika Ishchi guruhi, Xalq qabulxonasi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarining ilk ommaviy sayyor qabuli tashkil etildi. Unda aholining yashash hamda turmush sharoitlari o‘rganildi. Jumladan, fuqarolarning bandlik, tibbiy muolaja, ijtimoiy yordam, tadbirkorlik va boshqa masalalarga oid murojaatlari tinglandi.

Muammolarni joyida hal etish maqsadida mutasaddilar tomonidan fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar, ayrim masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. 

O‘rganish hamda ma’lum vaqt talab qiladigan murojaatlar ijrosi mutasaddilar tomonidan nazoratga olindi.

Qo‘rg‘ontepa tumanida tashkil etilgan ommaviy sayyor qabulga Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Xo‘jaobod tumanlari hamda Xonobod shahri aholisi qamrab olindi. 

Respublika ishchi guruhi, Xalq qabulxonasi va tashkilot rahbarlari ishtirokidagi bu kabi ommaviy sayyor qabullar 14-16 may kunlari Asaka, Andijon va Bo‘ston tumanlarida ham o‘tkaziladi. Qabullarga viloyatning barcha tuman va shaharlari aholisi qamrab olinadi. 

2025-05-17 |

Yangiliklar