Ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq murojaatlar e’tiborda

News Image

Yurtimiz hududlarida aholining ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal qilish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash kabi qator yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonasi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi o‘z faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida davom ettirdi.

O‘ttizga yaqin vazirlik va idora vakillaridan tashil topgan Respublika ishchi guruhi faoliyati davomida Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar hamda sayyor qabullar, xonadonbay o‘rganishlarda ko‘tarilgan muammolarni hal qilmoqda.

Ayni maqsadda o‘tgan bir hafta davomida jami 240 dan ziyod ommaviy sayyor qabul tashkil etildi. Ularda 3 mingga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, mingdan ziyodi joyida ijobiy hal etildi. O‘rganish uchun vaqt va katta mablag‘ talab etadigan murojaatlar Respublika ishchi guruhi nazoratiga olinib, ularga yechim topish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.

Ochiq muloqotlar davomida fuqarolardan asosan joylarda kommunal va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, bandlik, moddiy yordam, sog‘liqni saqlash sohalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushgan. Jumladan, mas’ullar yordamida joylarda ichki yo‘llarni talab darajasiga keltirish uchun 70 kilometrga yaqin yo‘llar shag‘allashtirildi, 20 kilometrdan ziyodiga asfalt qoplamasi yotqizildi.

Elektr ta’minoti borasida 150 dan ziyod transformator yangisiga almashtirildi yoki kapital ta’mirlandi, mingga yaqin yangi temir-beton tayanch ustuni o‘rnatilib, yangi SIP kabellar tortildi. 

Gaz ta’minoti bo‘yicha esa 200 dan ortiq gaz taqsimlash punkti, quvurlar kapital ta’mirlanib, soz holatga keltirildi. 

Ayniqsa, aholini ichimlik va ekin suvi bilan ta’minlash eng muhim masalalardan bo‘lib, hududlarda yo‘nalishdagi holatni yaxshilash maqsadida yangi suv inshootlari o‘rnatildi, 10 dan ziyodi ta’mirlandi.

Shuningdek, quvurlar soz holatga keltirilib, 179 kilometr lotok, ariq va zovur chiqindilardan tozalandi hamda muhim qismlari betonlashtirildi.

Bundan tashqari, sanitariya va ekologik ahvoli og‘ir bo‘lgan 150 dan ziyod ijtimoiy soha ob’ekti tartibga keltirildi. 

Respublika ishchi guruhi vakillarining e’tibor markazidagi asosiy masalalardan yana biri ishsizlik va kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda fuqarolarga amaliy ko‘mar ko‘rsatishdir.

Bu borada 108 ta mahallada “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari asosida yangi loyihalarni amalga oshirish, yoshlarga qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga amaliy yordam ko‘rsatildi. Ayni maqsadda esa qo‘shimcha mehnat yarmarkalari tashkillashtirildi. 

Misol uchun, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida 753 nafar fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratilishi ta’minlandi. “G‘ijduvon tajribasi” asosida esa 89 ta loyiha ishga tushirildi va natijada 637 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar va o‘tkazilgan mehnat yarmarkalari natijasida kambag‘al oilalarga bandlik va daromad manbasini yaratish, turmush darajasini yaxshilash uchun moddiy sharoitlar yaratildi. Ishsiz bo‘lgan 7 yarim mingga yaqin aholi mavsumiy va doimiy ishga joylashtirildi, 600 ga yaqin fuqaro malakasini oshirish uchun bepul o‘qishga yo‘naltirildi. 

Sog‘liqni saqlash va mustahkamlash maqsadida joylarda deyarli 78 ming aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Natijada, mingga yaqin fuqaroga Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarga davolanish uchun order, 255 nafariga nogironlik aravachasi, 328 nafariga protez-ortopediya vositalari yetkazib berildi. 

Bundan tashqari, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahallalarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etildi. 

2025-05-13 |

Yangiliklar