Sayyor qabullar o‘tkazilmoqda

News Image

Joriy yilning 6-10 may kunlari Respublika ishchi guruhi tomonidan fuqarolarning murojaatlari va aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish bo‘yicha Orolbo‘yida sayyor qabullar o‘tkazilishi belgilangan edi.

Nukus shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi binosida Xo‘jayli, Nukus, Taxiatosh tumanlari hamda Nukus shahri fuqarolarining murojaatlari ko‘rib chiqildi. Qabulda fuqarolarni bugungi kunda  qiynayotgan muammolar tinglandi.  

Qabul davomida 444 nafar fuqarodan jami 476 ta masalada murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 146 tasi ijobiy hal qilindi. Sud-huquq, soliq, avtomobil yo‘llari, bandlik kabi 123 ta masalaga asosli tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, muddat talab etiladigan 207 ta murojaat nazoratga olindi va qisqa muddatda o‘rinli yechim topish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev, Bosh prokuratura mas’ul xodimi I.Marksov tomonidan aholining sud-huquq, ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish va boshqa muammolari yuzasidan murojaatlari tinglandi. Prokurorlar qabulida bo‘lgan 30 nafarga yaqin shaxsning murojaati joyida hal qilingan bo‘lsa, 12 ta murojaat o‘rganish uchun nazoratga olindi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan fuqarolarning murojaatlari va aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish bo‘yicha navbatdagi sayyor qabul Qonliko‘l tumanida ham bo‘lib o‘tdi. Unda Qonliko‘l, Shumanay, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari fuqarolarining sud-huquq, ijtimoiy-iqtisodiy hamda qurilish va kommunal sohalar bo‘yicha murojaatlari qabul qilindi.

Orolbo‘yi tumanlarida sayyor qabullar davom etmoqda.

2025-05-07 |

Yangiliklar