Sayyor qabul: yoshlarning bir qator muammolari hal etildi

News Image

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning iqtidorlarini aniqlash va qiziqishlari bo‘yicha kasbga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Milliy gvardiya Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbir ayni ushbu maqsadlarga qaratildi.

Milliy gvardiya Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasida Prezidentimizning joriy yil 14 fevraldagi yoshlar bilan ochiq muloqoti chog‘ida bildirgan fikrlari va ular uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Milliy gvardiyaga biriktirilgan yoshlarga yetkazish maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

Tadbir davomida yoshlarning mavjud muammolarini aniqlash va ularni hal etish maqsadida boshqarma boshlig‘ining sayyor qabuli o‘tkazildi. Qabul natijalariga ko‘ra bir qator yoshlarga sport seksiyalariga bepul ishtirok etishlari uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, 2 nafar yoshning salomatligini tiklashga ko‘maklashiladigan bo‘ldi. Yana boshqa muddat talab qiladigan murojaatlar yuzasidan tegishli idora va tashkilotlar bilan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tadbirning ikkinchi qismida yoshlar uchun ochiq eshiklar kuni ham o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy-texnika, anjom-aslahalar, tog‘ tayyorgarligi va tibbiy tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etilib, yoshlar ushbu mashg‘ulotlarda kuch-g‘ayratlarini va shijoatlarini sinab ko‘rdi. Shu bilan birgalikda, o‘g‘il-qizlar uchun sportning kamondan otish turi bo‘yicha mahorat darslari ham o‘tkazildi.

Yurtimiz bo‘ylab tashkil qilinayotgan bu kabi tadbirlar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etadi.

2025-04-15 |

Yangiliklar