Kadastr sohasiga oid murojaatlar tinglandi

News Image

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida fuqarolar va tadbirkorlarning kadastr sohasidagi muammolarini joyida hal etish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi. Davlat kadastrlari palatasi raisi o‘rinbosari Shavkat Olimov boshchiligida o‘tkazilgan tadbirda 30 dan ziyod fuqaro va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, yer maydonlarini zaxiraga qaytarish, ko‘chmas mulkka egalik huquqini olish kabi dolzarb masalalar yuzasidan 30 dan ortiq murojaat qabul qilindi. Batafsil o‘rganish talab etadigan murojaatlar qonuniy tartibda ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida hududlarda olib borilayotgan kadastr xatlov ishlari, huquqiy jarayonlar, yer va mulk huquqlarini e’tirof etish shartlari hamda bosqichlari haqida keng tushuntirish berildi. Fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan aniq javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Sayyor qabul yakunida murojaatlarni hal etish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning bajarilishi nazoratga olinishi va fuqarolarga qonuniy asosda amaliy yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi. Bunday uchrashuvlar aholining yer va mulk huquqlari bo‘yicha xabardorligini oshirish va masalalarni tezkor hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2025-03-31 |

Yangiliklar