“Murojaatdan daromadga” loyihasi asosida qariyb 2,5 ming murojaatchi daromadli qilindi

Bugun mamlakatimizda xalq bilan muloqot, joylardagi muammolarni o‘rganish va ijobiy hal etish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratilgan. Prezident virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani juda ko‘p muammolarga yechim topishga, odamlarning davlatdan roziligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Soha vakillarining ma’lum qilishicha, o‘tgan 2024 yilda Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga qariyb 1,2 million murojaat kelib tushgan bo‘lib, ariza va shikoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 64,1 mingtaga kamaygan. Ayniqsa, murojaatlar Namanganda 24, Toshkent viloyatida 21, Farg‘onada 11 va Toshkent shahrida 7 foizga kamaygan. Mutaxassislar va olimlar murojaatlar soni kamayganini sotsiologik tadqiqotlar, ilmiy kuzatuvlar va tahlillarga tayanib, quyidagi omillar bilan izohlamoqda.
2024 yilda ko‘rib chiqilgan 1 million 120 mingdan ziyod murojaatning qariyb 938 mingtasi yoki 83,7 foizi qanoatlantirilgan. Buning natijasida 566,6 mingdan ortiq murojaatchining roziligiga erishilgan. Sohalar kesimida olinsa, gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va ko‘mir ta’minoti, uy-joy kommunal xo‘jaligi, ijro ishi, aliment va qarz undirish, tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya xizmatlari sifati, sug‘urta faoliyati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 60-80 foiz muammolar hal etilgan.
Xalq bilan muloqotning yana bir shaffof platformasi – ommaviy va sayyor qabullar maydoni ham kengayib bormoqda. O‘tgan yil Prezident Xalq qabulxonalarida tashkil etilgan jonli va ochiq muloqotlarda 405,7 mingdan ziyod murojaat ko‘rib chiqilib, 81,3 foizi hal etildi.
Xalq qabulxonalari 20 mingdan ziyod murojaat bo‘yicha qabul qilingan qariyb 28 ming qarorni joyiga chiqib o‘rgandi. Deputatlar bilan hamkorlikda 6 mingga yaqin murojaat ko‘rib chiqilib, shundan 3,5 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi. Sektorlar faoliyati bo‘yicha 4,4 mingga yaqin monitoring, davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan qariyb 4,6 mingta o‘rganish o‘tkazildi.
Murojaatlar asosida xalq deputatlari Kengashlariga 2,4 mingdan ziyod axborot kiritilib, ular asosida qariyb 3,5 ming nafar davlat idoralari va sektor rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Muammolarni hal qilish borasida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan 4 ming 721 taqdimnoma, 5 mingdan ziyod taklif va 9 ming 119 ko‘rsatma kiritildi. Bularning natijasida aholi murojaatlari bilan talab darajasida ishlamagani uchun davlat idoralari mas’ul xodimlarining 3 ming 826 nafari javobgarlikka tortildi.
Xususan, ularning 369 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 779 nafari ma’muriy, 269 nafari oylik ish haqidan jarimaga tortildi, 2 ming 409 nafariga hayfsan e’lon qilindi. Shuningdek, 6,1 mingdan ziyod mas’ul xodim rasman ogohlantirildi.
Bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan yana biri – aholi daromadlarini oshirish uchun shart-sharoit yaratish va yordam berishdan iborat. Prezident Xalq qabulxonalari 2024 yilda murojaatlar tahlili asosida oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha yangi besh bosqichli “Murojaatdan daromadga” loyihasini samarali amalga oshirdi.
Asosan moddiy yordam masalasida ko‘p arz qilgan fuqarolarning oilaviy ahvolidan to qaysi yo‘nalishda ishni eplab ketishiga qadar individual o‘rganish, murojaatchilarni daromad topishga tayyorlash, kasb-hunarga o‘qitish, ish anjomlari olib bergan holda kuchli malaka va katta tajribaga, o‘z bozoriga ega tadbirkorlarga biriktirish bo‘yicha kompleks ish olib borilgan. Bu loyiha asosida qariyb 2,5 ming murojaatchini daromadga olib chiqish bo‘yicha ish olib borildi. “Murojaatdan daromadga” loyihasi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi 400 dan ziyod mahallada amalga oshirildi.
Xalq qabulxonalarining “mahalla yetttiligi” bilan hamkorligi mustahkamlanmoqda. Asosiy maqsad – muammolarni mahallaning o‘zida, birinchi nuqtada aniqlab, har bir murojaatdagi masalaga adolatli yechim topib berishdan iborat.