Ishchi guruhning o‘rganishlari davom etmoqda

News Image

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari mavsumga shay holatga keltirildi. Xususan, 2025 yil hosili uchun “Suv yetkazib berish xizmati” DM garajiga to‘plangan texnikalar ta’mirlandi.

Bahorgi dala ishlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash uchun 200 ta chopiq traktori, 40 ta purkagich (OVX), 34 ta chigit ekish seyalkasi, 15 ta lazerli yer tekislagich hamda boshqa turdagi texnika va agregatlar hozirda taxt holda. Viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhning tumanda olib borgan o‘rganishlari jarayonida ushbu tayyorgarlik holati ko‘zdan kechirildi.

Ishchi guruhning keyingi manzili Yog‘du mahallasidagi “King Fish Export” MCHJ bo‘ldi.

Tadbirkor Ismatilla Yusupov rahbarligidagi mazkur korxonaning 10 gektar yer maydonida intensiv usulda forel yetishtirish loyihasiga 2020 yilda kirishilgan edi. Qiymati 64 milliard so‘m bo‘lgan loyihaga hozirga qadar 20 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Ayni vaqtda qurilishga mablag‘ yetmay, ish to‘xtab qolgan edi. Viloyat rahbari Uchqo‘rg‘ondagi o‘rganishlari davomida ushbu loyiha bilan batafsil tanishdi. Tadbirkorning murojaatiga ko‘ra, loyihani yakuniga yetkazish uchun unga kredit ajratiladigan bo‘ldi.  

Navbatdagi e’tiborli masala – suvni tejash maqsadida fermer xo‘jaliklari dala maydonlaridan oqib o‘tuvchi ichki ariq-zovurlari betonlash ishlarining borishi o‘rganildi. Hozirga qadar 105 kilometr ichki hamda 24 kilometr xo‘jalik ariqlari betonlandi.

Viloyat rahbari o‘rganishlari davomida Dehqonobod mahallasida tomorqadan unumli foydalanib, qo‘shimcha daromad topayotgan oilalar tajribasi bilan ham tanishdi. Shu yerda mahallaga biriktirilgan bank xodimi va mahalla yettiligi bilan suhbatlashdi.  “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida namunali xonadonlar tajribasini ommalashtirish, ularga imtiyozli kreditlar ajratish orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, tumandagi “Milko S” MCHJning sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash loyihasi, “Navro‘z ne’matlari” MCHJ faoliyati ham o‘rganildi.

2025-01-27 |

Yangiliklar