Hokim yoshlar bilan ochiq muloqot qildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Yangi yildagi ilk “Hokim va yoshlar” uchrashuvini Bandixon tumani hokimligi majlislar zalida o‘tkazdi.
Tumanlar va Termiz shahridagi studiyalar orqali voha yoshlarining taklifu muammolari tinglangan ochiq muloqotda yigit-qizlar o‘rtaga tashlagan muhim masalalarni hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli vazifalar berildi.
Vohada Surxondaryo viloyati hokimi – viloyat shaxmat federatsiyasi raisi kubogi uchun professional ta’lim, talabalar va mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqa g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
– Musobaqada ishtirok etib, mahallalar yoshlari bellashuvida faxrli birinchi o‘rinni egalladim, – deydi Muzrabot tumanidagi Sopollitepa mahallasida yashaydigan Abduvali Qorjovov. – Viloyatimizdagi tengdoshlarim ishtirokidagi tadbirda bu yutug‘im alohida e’tirof etilgani va viloyat hokimining rag‘batlantirgani menga katta motivatsiya berdi. Endilikda sportning aql gimnastikasi, deya ta’riflanadigan bu turi bo‘yicha yanada ko‘proq shug‘ullanib, viloyatdan tashqaridagi bellashuvlarda ham g‘olib bo‘lishga intilaman.
Uchrashuvda iqtidorli yigit-qizlarning taklif va tashabbuslari ham qo‘llab-quvvatlanib, ularni amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.