Ishchi guruh Andijonda o‘rganishlar olib bordi
![News Image](https://pm.gov.uz/uploads/e959184f-4a45-5bd0-1543-b6d98c66ede3_news_.jpg)
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev rahbarligidagi ishchi guruh Andijonda bo‘lib, ichki ishlar boshqarmasi tizimi idoralarida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Ishchi guruh dastlab viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida xizmat avtomashinalarining texnik holatlari, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Boshqarma boshlig‘ining joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimoti tinglandi.
Vazir o‘rinbosari viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi yangi binosining ochilish marosimida qatnashib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh Andijon shahridagi “O‘zbegim” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahalla mas’ullarining faoliyati, “Mahalla yettiligi” tomonidan amalga oshirilgan ishlar, xususan, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha joriy yilda bajariladigan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
So‘ng viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmatining Monitoring qilish va muvofiqlashtirish markazi faoliyati o‘rganildi, markazning ish samaradorligini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatma hamda tavsiyalar berildi.
Shuningdek, viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishildi. Qurilish-ta’mirlash ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda bajarish bo‘yicha tegishli topshiriq hamda tavsiyalar berildi.