Forishdagi muammolar yechimini kutmoqda
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev Forish tumanining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, turizm rivojining holati hamda aholining yashash sharoitlarini ko‘zdan kechirdi.
Dastlab Forishning boshlanish qismi, Oqtom mahallasi hududidagi tumanning nomini aks ettiruvchi yozuvlar eskirib ketganligi tanqid ostiga olindi.
Qoratosh mahallasi hududidan o‘tgan soy atrofida mahalliy aholi tomonidan tayyorlanadigan tansiq taomlar sotilishi uchun ajratilgan joylar gigiyena-sanitariya talablariga javob bermasligi va bu o‘z o‘rnida tumanga keladigan sayyohlarga salbiy ta’sir qilishi ta’kidlandi.
Tumanga boradigan asosiy yo‘ldan 3 kilometr ichkarida joylashgan “Xo‘ja bog‘bon ota” ziyoratgohiga ravon yo‘l tortilgan, ammo ziyoratgohning zamonaviy qiyofaga keltirilishi ko‘proq ziyoratchilarni jalb qilishi mumkinligi qayd etildi.
Tumandagi eng yaxshilardan deb e’tirof etilgan Oybek mahallasidagi 33-sonli umumta’lim maktabida ham ko‘plab kamchiliklar borligi ko‘rinib qoldi. Maktab tomining ochiq joylari borligi, isitish tizimidagi muammolar, devorlarning nurab qolgani, o‘quvchilar tanaffus paytida foydalanadigan ta’lim muassasasi hovlisidagi o‘rindiqlar ta’mirtalabligi va elektr taqsimlaydigan shitlardagi betartibliklar tanqid ostiga olindi.
Shu maktab yonginasida joylashgan 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti ko‘zdan kechirilganida bu yerda ham bir qator kamchiliklar shundoqqina ko‘zga tashlandi. Bog‘chani isitish uchun olib kelingan ko‘mir ochiq holda saqlangani sabab allaqachon o‘z sifatini yo‘qotib bo‘lgan. Bog‘chadagi bolalar o‘yingohi ham havas qilarli darajada emas.
Shu mahallada istiqomat qiluvchi Atham O‘sarov tomorqasidagi issiqxonada limon yetishtirmoqda. Shuningdek, oilada parranda va qo‘ylar parvarish qilinmoqda. Novvoyxonasi ham muntazam ishlab turibdi. U shularning barchasidan yiliga 45-50 million so‘m atrofida sof daromad topmoqda.
Tuman hokimiga Atham O‘sarovlar oilasi misolida boshqa oilalarda ham mazkur ishlarni tashkil etish topshirig‘i berildi.
Tumandagi Bog‘don mahallasi hududida qurilishi bitmagan sport maktabi va qurib bitkazilganu, lekin nurab borayotgan yangi bozor majmuasi ham jiddiy tanqid qilindi. Achinarlisi, sport maktabi qurilishida ishlar oxiriga yetkazilmay qolib ketgan. Buning natijasida sport maktabi abgor holatga kelib qolgan.
Yangidan qurilib, hali foydalanmay turib, nurab to‘kilib tushayotgan bozorda ham manzara achinarli holatga kelib qolgan.
Forish darvozasidan Navoiy viloyati Nurota tumaniga chiqadigan 90 kilometrlik avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Mazkur yo‘l aynan bozor oldidan o‘tishini inobatga olgan holda mutasaddilarga bozor infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan ham aniq topshiriqlar berildi.
Viloyat rahbari Ulug‘bek Mustafoyev bir yo‘nalishda ko‘rgan muammolar shuncha bo‘lsa, tuman markazidan 100 – 150 kilometr olislikdagi qishloqlarda ahvol qanday ekan-a?
Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev keltirib o‘tilgan bu muammo va kamchiliklar qisqa fursatlarda bartaraf etilishiga va’da berdi.
Biz bu mavzuga yana qaytamiz.