Huquqiy muammolar hamkorlikda yechiladi

News Image

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 maydagi "Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida"gi farmoniga asosan aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilishi lozim bo‘lgan zarur chora-tadbirlar adliya organlari xodimlari va mahalla yettiligi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinmoqda.

Sirdaryo viloyat adliya hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan seminarda aholining huquqiy muammolarini aniqlash va bartaraf etish, mahallalarga huquqiy axborotni yetkazish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini metodik ta’minlash ishlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

–O‘tkazilgan tadbirda “ZOOM” platformasi orqali tuman (shahar) adliya bo‘limlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazlari, 239 ta mahalladagi hokim yordamchilari ishtirok etishdi,–deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot shu’basi bosh maslahatchisi Dilnoz Umurzoqova.–Muloqot davomida hokim yordamchilari tomonidan huquqiy muammolarning "online mahalla" platformasi orqali "smart ofis" tizimiga yuborilishi va adliya organlari tomonidan huquqiy muammolarning yechimi borasidagi ishlar tahlil qilindi hamda muammolarning hal etilishi yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Yakunda aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni “mahalla yettiligi” bilan birgalikda aniqlash va “Onlayn mahalla” tizimiga kiritish haqida memorandum imzolanib, hamkorlikdagi ishlarni samarali tashkil etishga kelishib olindi.

2024-12-22 |

Yangiliklar