Tomorqa tufayli aholi farovonligi oshmoqda

News Image

Sayxunobod tumanining Mustaqillik mahallasida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar aholining daromadi oshishiga, kam daromadli aholi soni kamayishiga xizmat qilyapti.

–Mahallamiz hududida 1695 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 47 nafar xotin-qiz "Ayollar daftari"ga, 7  nafar yosh "Yoshlar daftari"ga, 5 nafar fuqaro esa ishsiz va qo‘shimcha daromadi yo‘qligi bois kambag‘alchilik reyestriga  kiritilgandi.  Davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 sentyabrdagi "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida 5 nafar fuqarodan 3  nafarining ish bilan bandligini ta’minlashga erishgan bo‘lsak, qolgan 2 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash, ular daromadini oshirish maqsadida  tuman sektorlari rahbarlari bilan maslahatlashgan holda chora-tadbirlar rejasini tuzib, ish olib boryapmiz, –  deydi   "Mustaqillik" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Husniddin Umarboyev.

Aholisining  kattagina qismi dehqonchilik, chorvachilik yo‘nalishlarida faoliyat  ko‘rsatayotgan mahallada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, buning ortidan qo‘shimcha daromad topib,  ishsiz va kam daromad oilalarni ish bilan ta’minlayotgan,  "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturini hayotga tatbiq etishga munosib hissa qo‘shayotganlar ko‘p.

–Bundan to‘rt-besh yil muqaddam men ham ijtimoiy kam ta’minlangan, ya’ni kambag‘al oilalar ro‘yxatida turardim, – deydi gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkor Shavkat Nuraliyev. –Hayotimda turli qiyinchilik va muammolar bo‘lgan. Hech qanday kasb egasi bo‘lmaganligim sababli, ro‘zg‘or uchun uch-turt so‘m pul topib kelay, farzandlarimni yaxshi yedirib, yaxshi kiyintirib, tarbiyalay deya  ish qidirib bormagan joyim qolmagandi.  Hattoki, Toshkentga borib, mardikorchilik qilib, uch-to‘rt so‘m topib kelgan kunlarim ham bo‘ldi. Omadni qarangki, ana shunday kunlarda gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor bilan tanishib, uning gulchilikka ixtisoslashgan xo‘jaligida ikki yildan ortiq ishlab, gulchilikning siru sinoatini o‘rgandim. Dunyoda yaxshi kishilar ko‘p ekan. Ularning yordami, bergan oq fotihalari sabab, oila a’zolarimizga tegishli bir yarim gektarga yaqin yerga gul ko‘chatlarini ekdim. Birinchi yili birozgina qiyinchilik va tushunmovchiliklar bo‘ldi. Lekin shunday bo‘lsa-da, yilni 150 million so‘m miqdoridagi sof foyda bilan yakunlagan bo‘lsam, bu yilgi daromadim 450 million so‘mdan oshib ketdi.

Shavkat Nuraliyevning gulchilikka ixtisoslashgan xo‘jaligida    15 nafar doimiy, 60 nafar kishi mavsumiy ish bilan ta’minlangan.  

–Gullarimizning xaridori ko‘p. Asosan Toshkentdagi buketli gul yasaydigan gul do‘konlariga hamda Guliston shahridagi gulchilarga  yetkazib beramiz,–deydi u.–O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, bo‘sh vaqtning o‘zi yo‘q. Yozni quya turing, qishda, ya’ni qorli kunlarda ham ish topiladi. Yaratganga shukr, qiyin kunlarda shunday ne’matlari bilan siyladi.  

Shavkatjonning daromadi yomon emas. Bu yil 10 sotix yerga ekkan  xrizantema  gullarini sotgandan so‘ng daromadi hisobidan uy ko‘tardi. 1 gektaru  20  sotix yer maydoniga va issiqxonaga ekilgan gullari, uning sotuvidan tushgan sof foydani esa faoliyatini kengaytirish, qo‘shimcha 3 gektar yer maydonida gulchilik sohasini yo‘lga qo‘yish uchun yo‘naltiradi. Quvonchlisi, uning bu ishi tuman hokimi, sektorlar rahbarlariga yoqib, unga o‘zi istiqomat qilayotgan mahallasi hududidagi bo‘sh turgan yerdan yer berishadigan bo‘lishdi. Buning hisobiga, u mahallasidagi yana 50 nafar kishini ish bilan ta’minlamoqchi.

Bu yil u ikki nafar ishsiz yoshni o‘z yoniga olib, ularga gul yetishtirish, uni xaridorga yetkazib berish sir- asrorini o‘rgatib, ular xonadonida ham 4 sotixdan, jami 8 sotixli issiqxona tashkil etdi. Bu ishlarni tashkil etishda hech kimdan moliyaviy ko‘mak olmadi. Unga toshkentlik gulchi ustozlari  yordam berdi.

– Mahallamizda gulchi tadbirkor Shavkat Nuraliyev gulchilikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, davlatimiz rahbarining Sayxunobod tumaniga tashrifidan so‘ng tadbirkor Sunnatulla Shodiyev  sut mahsulotini qayta ishlashni tashkil etdi. U ishlab chiqarayotgan qaymoq, qatiq, pishloq tayoqchalari, smetana, saryog‘ni nafaqat Guliston, Toshkent bozorlarida ham ko‘rishingiz mumkin.Faxriddin Norboyev esa paypoq ishlab chiqarishni, Shokirjon Haydarov, Akbarali Ismoilovlar esa sport formalari uchun cho‘ziluvchi ip va shunga o‘xshash mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Aholimizning qolgan qismi tomorqachilik sohasini rivojlantirib, unga kartoshka, bodring, pomidor, bolgar qalampiri, karam, ukrop, kashnich, sarimsoq piyoz kabi ekin turlarini ekib, dasturxonlarini to‘kin qilmoqda, bozorlarni obod qilishga qissa qo‘shyapti,–deydi mahalla raisi Husniddin Umarboyev.

2024-12-05 |

Yangiliklar