Zamonaviy bog‘cha bolalar ixtiyorida
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Istiqlol mahallasidagi 8-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida tuman hokimi Xurshid Tohirov, sektor rahbarlari, mutasaddilar, bolajonlar hamda ularning ota-onalari qatnashdi.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti ancha yil oldin qurilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida kapital ta’mirlanmagan edi. 120 o‘rinli mazkur ta’lim muassasasida olib borilgan kapital ta’mirlash jarayonida bino va oshxona rekonstruksiya qilindi. Modul qozonxona o‘rnatildi, issiqlik tizimi bilan ta’minlandi. Tashqi elektr yoritish va elektr ta’minoti tizimi yangilandi. Zamonaviy, shinam va yorug‘ binoda bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoit yaratildi.
Ochilish marosimida tuman hokimi mahalla nuroniylari, qishloq ahli bilan suhbatlashdi. Rahbar va mahalladoshlar hududni yanada obod qilishda yana qaysi jihatlarga ahamiyat berish kerakligi to‘g‘risida fikr almashdi.