Aholiga yaxshi daromadli ish taklif qilinmoqda
Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Bo‘ka tumanida aholi daromadlarini oshirish hamda ishsizlikni bartaraf etish bo‘yicha bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Umid Pazilxanov va viloyat mas’ullari tomonidan hududdagi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan hamda kam ta’minlangan oilalarning daromadini oshirish hamda ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘rganishlar davomida tumandagi “TNA AGRO INVEST” mas’uliyati cheklangan jamiyatning issiqxona xo‘jaliklarida 100 nafar ishchiga ehtiyoj mavjudligi, oylik maoshi 3,5 million so‘mgacha berilishi aniqlandi. Qolaversa korxonaga malakali agronom kerakligi, oylik maoshi 25 million so‘mdan yuqori bo‘lishi korxona rahbari tomonidan ta’kidlab o‘tildi.
Bundan tashqari, mazkur MCHJ tomonidan 10 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobiga yoshlarga ajratilgan 1 ming 796 gektar yerlarda kooperatsiya tizimini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, quritish, tezkor muzlatish, saqlash va eksport qilish “Kichik Logistik Markazi“ loyihasi tashkil etiladi. Loyiha 2025 yil yakuniga qadar ishga tushishi belgilangan.
Shuningdek, maxsus trikotaj, sport va boshqa turdagi tekstil kiyimlar ishlab chiqaruvchi “Buka Sportswear” korxonasida ham qo‘shimcha ravishda 200 nafar ishchiga ehtiyoj mavjud. Yuqori oylik maoshi va boshqa qulayliklar mavjud. Tadbirkorlar bilan o‘zaro suhbat davomida ishsizlar bandiligi ta’minlash borasidagi takliflar ko‘rib chiqildi.
Quvonarlisi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini tadbirkorlik sub’ektlariga jalb etishda yangi tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bu kabi sa’y-harakatlar boshqa tuman-shaharlarda ham davom etadi.