“Chashma”ning o‘z bog‘chasi bor
So‘x tumani davlat rahbariyatining alohida e’tibori tufayli obod va rivojlangan hududga aylanmoqda. Bu yerda ishlab chiqarish, turizm istiqbollari bilan bir qatorda ta’lim muassasalari ham jadallik bilan bunyod etilmoqda.
Mustaqillik bayrami tumanning "Chashma" MFY aholisi uchun alohida yodda qolarli bo‘ldi. Bu yerda haligacha maktabgacha ta’lim muassasasi yetishmas edi. Tuman Kengashi deputati Kamoliddin Azizov masala hal etilguncha tinmadi. Nihoyat Chashmada ikki qavatli 120 o‘ringa mo‘ljallangan bolalar tarbiya maskani qurilib, foydalanishga topshirildi.
–Chashma mahallasi Qirg‘iziston chegarasida joylashgan. Shuning uchun qo‘shni qirg‘iz qishlog‘i aholisi ham yangi qurilgan bolalar bog‘chasini ko‘rib havas qilishyapti, – deydi mudira Muslima Boboyeva. – Muhimi, bolajonlarimizning quvonchini ko‘rish. Tuman markazidan olisdagi chet mahallada shu kabi inshootning qurilishi davlatimizning ijtimoiy masalalarga ustuvorlik berayotganidan, deb bilamiz.
Bugun, sentyabrning dastlabki ish kuni Chashma mahallasi bolajonlari yangi maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnay boshladilar.