Sud raislari qishloqda qabul o‘tkazdi

News Image

Fuqarolarning muammolarini ularning huzuriga borgan holda tinglash va joyida hal qilish maqsadida Samarqand viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlarining joriy yil may-iyun oylarida joylarda sayyor qabullar o‘tkazish jadvali tasdiqlangan.

Shu paytgacha Jomboy va Ishtixon tumanlarining chekka qishloqlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda yuzlab fuqarolarning huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘liq murojaatlari eshitilib, nazoratga olindi.  

Navbatdagi sayyor qabul Samarqand tumanining Ravonak mahallasida tashkil etildi.  

Unda viloyat sudi, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, Adliya, Ichki ishlar va Soliq boshqarmalari rahbarlari qatnashib, murojaatchilarni qabul qildi.  

Xususan, viloyat sudi raisi O.Hayitov va ma’muriy sud raisi T.Fayziyev hamda ularning o‘rinbosarlari sud organlaridan najot istab kelgan fuqarolarni eshitdi.

Qabulda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan 32 ta murojaat qayd etildi. Bu murojaatlarning qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi va qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi.  

Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazo o‘tayotgan 11 nafar fuqaro viloyat sudi raisi qabulida qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.

Mazkur murojaatlar asosida shu yerning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi.

Sayyor qabullar davom etmoqda.

2024-05-31 |

Yangiliklar