Kattaqo‘rg‘onda 28 ta ijtimoiy inshoot barpo etildi

News Image

Yangi yil bayrami arafasida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi.

Yakuniga yetayotgan yilda tumanda 28 ta ijtimoiy soha ob’ektida qurilish-montaj ishlari olib borildi. Bu maqsadlar uchun qariyb 50 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Jumladan, 12 ta umumta’lim maktabi zamon talablariga moslashtirilib, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. 8 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. 2 ta umumta’lim  maktabida zamonaviy sport zali, 2 ta umumta’lim  maktabida faollar zali va kutubxona qurildi.

Tuman aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida 2 ta oilaviy shifokorlik punkti, tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limi bunyod etildi, 1 ta oilaviy shifokorlik punkti kapital ta’mirlandi.

– Bu kabi qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari xalqimiz farovonligiga, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov. – Kelgusi yilda bundan ham ko‘p ob’ektlar qurishni rejalashtirganmiz. Xalqimiz hamjihat bo‘lib, amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlasa, yonimizda tursa, bundan ham yuqori natijalarga erishamiz, albatta.

2023-12-28 |

Yangiliklar