Novja mahallasining yangi binosi ishga tushdi
Xatirchi tumanidagi “Novja” mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari yangi binoda o‘z faoliyatini boshladi.
Tumanning 1- sektor hududida joylashgan “Novja” MFY binosi “Bektosh” MCHJ quruvchilari tomonidan 980 million so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazildi. Bu yerda xodimlar va fuqarolar uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Ayni paytda mahallamizda 344 ta xonadonda 1871 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Ilyos Yusupov. – Shu kunga qadar mahallamiz moslashtirilgan binoda joylashgan edi. Yangi binoda xodimlarning ish olib borishi uchun barcha sharoit va qulaylik mavjud. Bugungi kunda mahallamiz hududida “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon”, “Obod mahalla” loyihalari doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslarning barchasi mahallamiz obodligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlardir. Aholimiz bu kabi xayrli ishlardan xursand.
Tadbir ishtirokchilari va mahalla ahli binoda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Mahalla binosining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev hamda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ishtirok etdi.