Sud-huquq masalalari boʻyicha navbatdagi qabullar Sirdaryo viloyatida boʻlib oʻtdi

News Image

Respublika ishchi guruhi boshchiligida joylarda sud-huquq masalalari boʻyicha ommaviy qabullari davom etmoqda. Navbatdagi manzil Sirdaryo viloyati boʻldi.

Mirzaobod, Sirdaryo tumanlari hamda Guliston va Yangiyer shaharlarida tashkil etilgan qabullar viloyatning barcha hudud aholisini qamrab oldi. Ochiq muloqotlar davomida aholi sud, prokuratura, ichki ishlar, soliq va bojxona sohalarida murojaat qilib, mutasaddilar tomonidan ularning muammolariga yechim izlandi.

Xususan, ommaviy qabulga kelgan sayxunobodlik Surayyo Qoʻshnazarova doimiy ish joyidan sababsiz boʻshatilganligidan norozi boʻlib sudga murojaati qildi. Qabul davomida uning ishi barcha tomonlarni jalb qilgan holda koʻrib chiqilib, fuqaro daʼvosi uning foydasiga qanoatlantirildi.

Xayitqul Ismoilov 1982-yildan 2007-yilga qadar Sirdaryo viloyati “Agrokimyo” korxonasida mehnat qilgan. 2021-yilga qadar uning sogʻligʻiga yetkazilgan zarar tufayli tashkilot tomonidan tovon pullari toʻlab kelingan. 2021-yili ushbu tashkilot faolyati tugatilganligi sababli tovon pullari ohirigacha toʻlanmay qolgan. Fuqaro yetkazilgan zararni undirib berishni soʻrab sudga murojaat qildi. Uning murojaati ijobiy hal etilib, fuqaro foydasiga 39 million soʻmdan ziyod tovon puli undiriladigan boʻldi.

Bundan tashqari, joylarda tashkil etilgan sayyor sudlar natijasida 11 nafar probatsiya roʻyxatida turuvchi shaxslarni tayinlangan jazodan shartli ravishda ozod etish masalalari boʻyicha koʻrib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Tadbirkor Boburxon Xudoyorov Yangiyer shahrida xizmat koʻrsatish amaliyoti bilan shugʻullanadi. Tadbirkor koʻrsatgan xizmati uchun 11 mln qarzdorlikni undira olmayotganligi boʻyicha murojaat qildi. Qarzdorlikni undirish yuzasidan kiritgan daʼvosi prokutura tomonidan koʻrib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan 18 nafar fuqaroning masalasi joyida ijobiy hal etildi. Misol uchun mirzaobodlik Habiba Qoʻchqorova 1995-yilda qoʻshni Qirgʻizistondan koʻchib kelgan, u Oʻzbekiston fuqaroligini olish boʻyicha murojaat qildi. Uning masalasi boʻyicha ham rasmiylashtirish ishlari boshlab yuborildi. Otaxon Vositov 2016-yil Tojikiston Respublikasidan koʻchib kelgan. Qabullar davomida unga doimiy yashash uchun guvoxnoma taqdim etildi.

Mirzabood tumanida yashovchi Donoxon Mamajonovaning Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshligʻi qabulida boʻlib, oʻziga tegishli mol-mulk soligʻini qayta hisoblashni soʻradi. Bu murojaat xam atroflicha oʻrganilib, fuqaro foydasiga qanoatlantirildi.

Sirdaryo tumani “Baxmal” mahallasida yashovchi Abdurazzoq Burliyevning kadastr hujjatini rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi viloyat Adliya boshqarmasi boshligʻiga qilgan murojaati ham ijobiy yechim topdi.

Shuningdek, ommaviy qabullar davomida axoliga sayyor davlat xizmatlari ham koʻrsatildi.

Sirdaryo viloyatida davom etgan sud-huquq masalalariga oid ommaviy qabullarda jismoniy va yuridik shaxslardan jami 358 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 141 ta murojaat joyida oʻz ijobiy yechimimni topgan boʻlsa, qolgani oʻrganish uchun muddat talab etganligi sababli mutasaddilar tomonidan nazoratga olindi.

2023-11-13 |

Yangiliklar