Farg‘onada elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash ishlari jadal olib borilmoqda
O‘tgan yil qish mavsumida Farg‘ona shahrida elektr energiyasi ta’minotida ayrim muammolar yuzaga kelgan edi.
Ana shuni inobatga olgan holda iste’molchilarga uzluksiz, sifatli elektr energiyasini yetkazib berish maqsadida shaharda qishga tayyorgarlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, “Ma’rifat”, “Mash’al”, “Gulzor”, “Iftixor” hamda Sharof Rashidov nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida yangi yuqori kuchlanishdagi kabel tortilmoqda.
Belgilangan ishlarni uzog‘i bilan o‘n kunda yakuniga yetkazish maqsadida 50 nafardan ortiq ishchi-xodim, mutaxassis hamda 4 ta maxsus texnika jalb etilgan. Zarur bo‘lgan elektr kabellari va materiallar peshma-pesh keltirilmoqda.
Bundan tashqari “Farg‘ona elektr tarmoqlari” hududiy korxonasining tajribali xodimlari Buvayda, Bag‘dod, Rishton hamda Oltiariq tumanlaridagi 17 mingdan ziyod iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishni yaxshilash uchun 10 km uzunlikda yangi liniya tortish ishlarini ham olib bormoqda.