Mahalla yoshlari qo‘llab-quvvatlanmoqda

News Image

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning puxta bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashish, muammolarini hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng-ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Andijon davlat pedagogika instituti tomonidan Asaka tumanidagi qator mahallalar yoshlari qo‘llab-quvvatlanayotganligi, ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashilayotganligi ana shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir. Xususan, Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov Asaka tumanida istiqomat qilayotgan 50 nafar yigit-qizning xonadoniga bordi, ular bilan uchrashib, muloqotlar o‘tkazdi. 

Muloqot jarayonida yoshlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, mahallalardagi ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, yoshlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ijobiy hal etish masalalariga alohida e’tibr qaratildi. 
Uchrashuvda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan va bilimini chuqurlashtirish istagini bildirgan yoshlarga ko‘maklashish maqsadida Andijon davlat pedagogika institutida bepul o‘quv kurslari tashkil etilishiga kelishildi.
– Men shu kunlarda oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayapman, – deydi Asaka tumani Ko‘rkam mahallasida yashovchi Asadillo Karimov. – Andijon davlat pedagogika instituti rektori institutda bepul o‘quv kurslari tashkil etib berishi men kabi ko‘plab yoshlarga juda qo‘l keladi. Ushbu imkoniyatdan albatta, foydalanaman. Eng asosiysi, yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan behad xursandman.

Shuningdek, muloqotlarda salomatligini tiklash, davolanish istagini bildirgan yoshlar uchun malakali shifokorlar biriktirilib, ularga moddiy yordam ko‘rsatildi. Masalan, tumanning Qashqar mahallasida yashovchi Sanobar Bozorboyevaga davolanishi uchun order olib berildi.
Shuningdek, uchrashuvlarda yoshlarni qiynayotgan, lekin hal etilishi lozim bo‘lgan qator muammo va masalalarni hal etish yuzasidan mas’ul tashkilot va idoralarga murojaat xatlari yuborildi. Asakalik yoshlar ko‘rsatilayotgan ko‘mak va e’tibordan behad mamnun bo‘lmoqda. 

2023-05-21 |

Yangiliklar