Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun

News Image

Sirdaryo viloyat hokimligi va Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Guliston tumanida "Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” shiori ostida sayyor qabul o‘tkazildi.

Sayyor qabulda yuzdan oshiq fuqarolarning sog‘ligi bilan bog‘liq muammolari o‘rganilib, zaruriy maslahat va tavsiyalar berildi.

Murojaat qiluvchilarning yigirmaga yaqini yurak ishemik kasalligi asorati, tug‘ma yurak nuqsoni, revmatoit poliartrit, stenokardiya kasalliklari sabab qiynalayotgani, davolanish, stend qo‘ydirish va jarrohlik amaliyotlarni o‘tkazish masalalarida yordam so‘rab murojaat qildi. 20 dan oshig‘i bel umurtqa osteoxondrozi, tug‘ma chanoq son nuqsoni, skolioz, ikkala chanoq son koksartrozi, o‘ng chanoq son bo‘g‘imi boshchasining tug‘ma chiqishi, ikkala son chanoq suyagining yemirilishi, ikkala tizza osteoartrozi kabi kasalliklari bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish masalasida maslahat so‘radi. Yana bir guruh fuqarolar esa o‘t toshi, qandli diabet, ko‘z kasalliklari uchun yordam so‘radi.

Davolanish istagida bo‘lganlarning ma’lum bir qismi viloyat davolash profilaktika muassasalarida, tuman tibbiyot birlashmasi bo‘limlarida yotib davolanishi uchun yo‘naltirilgan bo‘lsa, ma’lum bir qismiga huquqiy, tibbiy maslahatlar berildi.

Nogironlar aravachasi so‘rab murojaat qilgan 3 nafar murojaatchiga Sirdaryo viloyat tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan nogironlar aravachasi, qo‘ltiq tayoq, ko‘z sohasida muammosi bor bo‘lgan 300 nafardan oshiq fuqarolarga esa "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamoat fondi tomonidan bepul ko‘z oynak, dori vositalari, vitaminlar jamlanmasi tarqatildi.

Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish kabi mavzularda tushuntirish va targ‘ibot tadbiri ham o‘tkazildi.

2022-09-18 |

Yangiliklar