Muammolarni “qog‘ozda emas, hayotda” hal etish amaliyoti shakllanmoqda

Qashqadaryoda jamoatchilik nazorati amaliyoti izchil yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, Shahrisabz tumanida aholining kundalik muammolari, ta’lim muassasalaridagi sharoit va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari bo‘yicha o‘rganishlar davom etmoqda.
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi rahbari Shuhrat Tursunov bir qator mahallalarda bo‘lib, aholi bilan bevosita muloqot qildi. Oqdaryo, Do‘xchi, Navbahor, Paxtakor, Shamaton mahallalaridagi vaziyat, shuningdek 17-, 81-, 85-maktablar va 34-sonli bolalar bog‘chasidagi sharoit o‘rganildi.
Uchrashuvlar davomida aholini o‘ylantirayotgan qator masalalar ko‘tarildi. Jumladan, ayrim o‘quvchilarning darslarga muntazam kelmayotgani, sinf xonalarida issiqlikning yetarli emasligi, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar, gaz quvurlari yaqinidan o‘tgan bo‘lsa-da, ayrim muassasalarning hali ham gaz tarmog‘iga ulanmagani kabi muammolar muhokama qilindi.
Mazkur muammolar bo‘yicha mas’ul idoralarga taklif va tavsiyalar berildi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu kabi o‘rganishlar tizimli ravishda davom ettirilib, har bir masala bo‘yicha amaliy yechim ishlab chiqiladi.
Tadbir davomida aholining ko‘mir zaxirasi, undan xavfsiz foydalanish qoidalari, ehtiyojmand oilalarning sharoiti ham o‘rganildi. Ayrim xonadonlarda issiqlik masalalari bo‘yicha qo‘shimcha yordam zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, mahallalarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari ham o‘rganildi. Jumladan, hududlarda daraxt ekish jarayonlarining kechikayotgani, aholining tomorqadan unumli foydalanish darajasi, chiqindilarni saralash va ularni to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Mahalla faollariga ekologik madaniyatni oshirish, yashil hududlarni kengaytirish va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shahrisabz tumanidagi ushbu o‘rganishlar aholi turmush sharoiti, ta’lim va ijtimoiy sohadagi dolzarb muammolarni joyiga chiqib o‘rganish hamda ularga aniq yechim topishga qaratilmoqda. Eng muhimi, jamoatchilik bilan ochiq muloqot orqali muammolarni “qog‘ozda emas, hayotda” hal etish amaliyoti shakllanmoqda.