Sayyor qabulda 500 dan ortiq murojaat qayd etildi

News Image

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Samarqand shahrida navbatdagi sayyor qabulini o‘tkazdi.

Qabulda viloyat prokuraturasi, ichki ishlar, soliq va boshqa mutasaddi boshqarmalar, tashkilotlar mas’ullari, shahar va tumanlar hokimlari ham ishtirok etishdi. Bu esa fuqarolarga o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan nafaqat viloyat hokimi, balki sohalar mas’ullariga ham murojaat qilib, muammolariga yechim topish imkonini berdi.  

Jumladan, Samarqand shahrining Imom Vose mahallasida yashovchi Malikxon Ibrohimov mahalla hududidagi suv quvurlari va yo‘lni ta’mirlashda hokimdan yordam so‘radi. Viloyat hokimi mas’ullarga holatni joyida borib o‘rganib, murojaatni ijobiy hal etishni buyurdi.

Qabulda bir nechta jamoaviy murojaatlar quruvchilarning noqonuniy hatti-harakatlari  bilan bog‘liq bo‘ldi. Ko‘p holatlarda uylar o‘z vaqtida qurilib, foydalanishga topshirilmayotgani, ishlar sifatsiz bajarilgani, ayrim quruvchilar esa aholi bilan shartnoma qilib, dastlabki to‘lovlarni qabul qilgan bo‘lsa-da hali qurilishni boshlamagani aytildi. Mazkur murojaatlarning har biri ko‘rib chiqilib, huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yo‘naltirildi.

Nurobod tumanidan kelgan murojaatchi  qishlog‘idagi yo‘llarni ta’mirlash ishlari haqida viloyat hokimiga ma’lumot berar ekan 7 kilometr yo‘l ta’mirlangani, lekin yana 15 kilometr yo‘lda ishlar chala qolib ketganligini aytib, yordam so‘radi.

Viloyat hokimi ushbu masalani o‘z nazoratiga olishini bildirib, mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriqlarni berdi.  

Sayyor qabul  davomida elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, yo‘llar, oilaviy nizolar, bandlik, moliyaviy yordam va boshqa masalalar bilan bog‘liq murojaatlar ham ko‘rib chiqildi.  

Ertalab soat 9 da boshlangan qabul kech soat 17 ga qadar davom etdi va 500 dan ortiq murojaat qayd etildi. Har bir murojaat bo‘yicha mas’ullar tayinlanib, ularni hal etish  muddatlari belgilandi. Huquqni muhofaza qilish organlari vakolatiga kiradigan murojaatlar tegishli organlarga yo‘llandi.

2025-12-04 |

Yangiliklar