Hokim murojaatlarni o‘rgandi

News Image

Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi Jomiy va Bunyodkor mahallalari aholisi uchun viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning sayyor qabuli o‘tkazdi. Unda viloyatning bank-moliya muassasalari mas’ullari, tegishli boshqarma va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. Hozir mazkur hududlarda 2,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Fuqarolar asosan sog‘liqni saqlash, moddiy-ko‘mak, uy-joy va maishiy turmush muammolari, kommunal xo‘jalik, bandlik, tadbirkorlik, kredit olishga doir masalalar bilan murojaat qildi. Ko‘pgina masalalar o‘z joyida, tegishli mas’ullar ishtirokida hal etildi.

 Xususan, hudud aholisini ancha yillardan beri kommunal va boshqa maishiy to‘lovlarni amalga oshirish, bank xizmatlaridan foydalanish uchun bankomat shoxobchalari yetarli bo‘lmagani qiynab kelgan. Bu muammo joyida hal etildi. Ayrim murakkab masalalar esa alohida o‘rganiladigan bo‘ldi. Shu bois, ularni viloyat hokimi birma-bir qayd etib, shaxsan nazoratga olishini bildirdi va tegishli rahbarlarga aniq ko‘rsatma hamda topshiriqlarni berdi.

 Jarayonda ayrim fuqarolarga huquqiy jihatdan tushuntirishlar berildi. Sog‘lig‘ida jiddiy muammo bo‘lgan bemorlar 12 turdagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ehtiyojmand fuqarolarga dori-darmon uchun moddiy ko‘maklar ajratildi.

 Sayyor qabuldan so‘ng Zoyir Mirzayev aholining yashash sharoiti, mahalla imkoniyatlari bilan tanishdi. Mahallani yanada obod va ko‘rkam qilish, aholi uchun dam olish hamda madaniy hordiq chiqaradigan maskanlarni ko‘paytirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. 

Masalan, Jomiy mahallasida qarovsiz qolgan bog‘ni shu yerning aholisi uchun xizmat qiladigan o‘ziga xos xiyobonga aylantirish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi. Shu kuni mahalla ahli hamda Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat faollari to‘kin dasturxon atrofida  samimiy gurung qildi. Oqshom payti  gulxan atrofida yoshlar davrasi tashkil etildi.

2025-11-24 |

Yangiliklar