Hokim xalq murojaatini hal qildi

Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov bir guruh fuqarolar bilan muloqot qilib, ular ko‘targan muammolarni tingladi. Aholining murojaati masalani joyida hal etishni talab qilar edi.
Turkiston mahalla fuqarolar yig‘inidagi Mahram ko‘chasida ko‘p qavatli uylar barpo etilgan hududda aholi bilan muloqot davom ettirildi. Bu yerdagi 18-ko‘p qavatli uyga tutash hududning yer maydoni auksionga chiqarilib, tadbirkor tomonidan yutib olingan edi.
Mahalla aholisi ushbu hududdan o‘z ehtiyoji uchun, marosim va ma’rakalar o‘tkazish maqsadida foydalanish istagida ekanini, bu yerda tadbirkor tomonidan bino qurilishiga qarshiligini bildirib, shahar hokimi va prokuroriga shikoyat qildilar.
Bundan tashqari, mahalla aholisi 18-ko‘p qavatli uy yon tomonida bo‘sh turgan maydonda barpo etilgan avtomobillarni saqlash joyiga kadastr idorasi jarima qo‘llaganini ham bildirishdi. Va ular ushbu qurilmani qonuniy tartibda aholi ehtiyojlari uchun rasmiylashtirib berishni talab etishdi.
Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov har ikki masalani ham haqli e’tiroz deb aholining murojaatini ijobiy xal qilish lozim deb topdi.
Tadbirkor tomonidan qurilishi rejalashtirilayotgan bino uchun boshqa hududdan joy ajratish choralarini ko‘rish, auksion mablag‘lari kompensatsiya tarzida qaytarilishi tushuntirildi. Tadbirkor va mas’ullarga ushbu hududdagi aholini bezovta qilmaslik topshirildi, aksincha yangi uy-joy qurishga mo‘ljallangan hududga bolalar maydonchasi qurilishiga ko‘maklashish yuzasidan reja ishlab chiqildi.