Sayyor qabullar samara bermoqda

News Image

Prezidentimiz doimo tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulay biznes muhitini yaratish, aholi bilan muloqot qilish va ularning hayotiy muammolarini o‘z vaqtida hal etish zarurligini ta’kidlab kelmoqda.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ullari tomonidan ham aholi va tadbirkorlik vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ularda asosiy maqsad odamlarni qiynayotgan masalalarni eshitish, muammolarni joyida hal qilish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdir.

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l va Ellikqa’la tumanlarida bo‘lib o‘tgan sayyor uchrashuvlarda tadbirkorlar faoliyatidagi qator masalalar muhokama qilindi. Mutasaddi idoralar tomonidan tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish, biznes rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni joyida hal etish choralari ko‘rildi.

Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida Qo‘mita ishchi guruhi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi fuqarolar qabulida aholi gaz ta’minoti va sug‘urtaga oid masalalarni ko‘tardi. Murojaatlar joyida ko‘rib chiqilib, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Jizzax viloyatida esa aholi va tadbirkorlar bilan keng qamrovli uchrashuvlar o‘tkazildi. Yoshlik, Nurliobod, Ittifoq mahallalari, shuningdek, Arnasoy tumanidagi olis hududlarda odamlar bilan muloqot qilindi. Tadbirkorlar — “Otabek bo‘lka nonlari” va “Iskandar orzulari” MCHJ faoliyati o‘rganildi.

Ayrim mahallalarda suyultirilgan gaz ballonlari va chiqindilarni o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar qayd etildi. Shu bilan birga, uchrashuvlarda raqobat va reklama qonunchiligi hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Uyushtirilayotgan sayyor qabullar nafaqat muammolarni hal qilish, balki davlat va xalq o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2025-08-25 |

Yangiliklar