Denovda 200 o‘quvchiga o‘quv anjomlari va esdalik sovg‘alari berildi

Surxondaryo viloyatining Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov kam ta’mnlangan yuz oilaning 200 nafar farzandini Mustaqillik bayrami va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan tabriklab, ularga esdalik sovg‘alari hamda o‘quv anjomlarini tuhfa qildi.
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini har taraflama qo‘llab-quvvatlab, kambag‘allikni qisqartirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylangan bir paytda tumanda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Aholining farzandlarini har tomonlama barkamol kamolga yetkazish, bilim va salohiyatini keng namoyon etishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yangi o‘quv yili oldidan bolajonlarga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik ham mahallalar ahli va o‘g‘il-qizlarning ota-onalariga bir olam quvonch bag‘ishladi.
–Sizlar ertangi kunimizning bunyodkorlarisizlar, –dedi tuman rahbari o‘quvchilarga. –Har biringizning Vatanga munosib, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishingiz uchun barchamiz mas’ulmiz. Eng ulug‘, eng aziz shodiyonamiz arafasida sizlarga topshirilayotgan bu jihozlar ham yangi o‘quv yilida a’lo baholarga o‘qishingiz va yaxshi natijalarga erishishingizga xizmat qiladi.
Tadbirda o‘quvchilarga zarur maktab jihozlari– stol, stul, sumka, kiyim-bosh va esdalik sovg‘alar topshirildi. So‘zga chiqqanlar yosh avlodga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.