Tadbirkorlar oldida ulkan vazifalar turibdi

News Image

Toshkent viloyati “Tadbirkorlar kengashi”ning navbatdagi yig‘ilishi Bo‘stonliq tumanida o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi v ishtirok etib, hududda samarali faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi va oldinda turgan muhim vazifa va maqsadlar ko‘rib chiqildi.

Hozirda har bir hududning drayver sohasidan kelib chiqib, shunga yondosh sohalarni rivojlantirishga urg‘u qaratilmoqda. Toshkent viloyatida 94 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat olib bormoqda. Ulardan 11 ming 930 tasi sanoat korxonalari sanaladi. Chet ellik hamkorlar bilan tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni 2 ming 67 ta, eksportyor korxonalar soni esa 1104 taga yetdi.

Aynan tadbirkorlarning samarali mehnati tufayli hududda minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, eksport salohiyati kengayib, mahalliy mahsulotlar ichki va tashqi bozorda o‘z o‘rnini topmoqda. 

Muloqotda joriy yilning 20 avgust sanasi – Tadbirkorlar kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘ladigan ochiq muloqoti bo‘lishi va bunga Toshkent viloyatida ham amaliy tayyorgarlik ishlar qilinayotgani aytildi. Buning uchun har haftada Toshkent viloyati hokimi boshchiligida, tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida tadbirkorlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali har bir tadbirkor o‘z muammosini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazishi, tezkorlik bilan joyida masalaga yechim topish imkoniga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlar murojaatlarini onlayn qabul qiladigan maxsus portal ishga tushirildi. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili tadbirkorlar tomonidan jam 1 ming 143 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, joriy yilning shu kunigacha 754 ta murojaat qabul qilindi. Ushbu murojaatlar tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, tezkorlik bilan ijobiy hal etildi. 

– Bu tashabbuslarning asosiy maqsadi tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf qilishdir. Biz birgalikda harakat qilsak, Toshkent viloyatini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xalqimiz farovonligini ta’minlash borasida katta natijalarga erisha olamiz, – dedi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. 

Tadbirda “Toshkent dengizi” shuhratini tiklash, gavjum turizm markaziga aylantirish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik tartibida ishlash lozimligi haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanidagi sobiq Kovid karantin markazi o‘rnida tekstil sohasi korxonalari joylashtirilishi, viloyatda zamonaviy kimyo sanoatini rivojlantirish xususida ham aytib o‘tildi. 

Muloqotda kengash a’zolarining taklif va tashabbuslari eshitildi. Toshkent viloyatida tadbirkorlik muhitini yanada kuchaytirish, bu borada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ham ta’kidlandi.

2025-07-27 |

Yangiliklar