Hokimlar Qashqadaryo tajribasini o‘rganmoqda

News Image

Davlatimiz rahbari joriy yilning 19-20 iyul kunlari Qashqadaryoga tashrifi davomida hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishar ekan, “Qisqa qilib aytganda, Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalada ishga tushgan yangi loyihalar “Islohotlar shtabi”ga tayyor andoza.

Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin, o‘zida ham mana shunday yangi-yangi loyihalarni qilsin”, degan edi.

Davlatimiz rahbarining mana shu topshirig‘iga ko‘ra, respublikaning barcha viloyatlaridan tuman va shahar hokimlari Qashqadaryodagi turizm va ishlab chiqarish loyihalarini o‘rganmoqda.

“Qashqadaryo tajribasi”ni o‘rganish maqsadida Toshkent shahri, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman va shahar hokimlari viloyatga tashrif buyurdi. Mehmonlar dastlab, Qarshi shahridagi “S-Smart” brendi ostida televizor ishlab chiqarayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi. Shundan so‘ng, Yakkabog‘ tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi hamda shu yerdagi “Eko bozor”  o‘rganildi.

Savdo majmuasida aholi uchun yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy xizmatlar, massivda aholi uchun yaratilgan sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.  

– Biz Qoraqalpog‘iston respublikasidan keldik, – deydi Qoraqalpog‘iston respublikasi Nukus tumani hokimi Ziyovuddin Zaitov. –  Qarshi shahridagi televizor ishlab chiqarish zavodida bo‘ldik, Yakkabog‘dagi “Eko bozor”ni aylandik. U yerda aholiga zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimi yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Bundan tashqari, savdo majmuasi yonidagi “Yangi O‘zbekiston” massividagi ko‘p qavatli uy-joylar va ularda yaratilgan sharoitlarni ko‘rdik. E’tiborli tomoni massiv to‘liq investorlarning o‘z mablag‘lari hisobiga barpo qilingan ekan. Biz ushbu loyihalardan kelib chiqib oldimizga katta maqsadlar qo‘ydik. Nasib etsa, tumanimizda ham shu kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni reja qilyapmiz.  

Ma’lumot o‘rnida avvalroq viloyatga Andijon, Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi tuman va shahar hokimlari “Qashqadaryo tajribasi”ni o‘rganish maqsadida tashrif buyurgan edi.  

2025-06-27 |

Yangiliklar