MIB: muammolarga ochiq muloqotda yechim topilmoqda

Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i To‘xta Qurbonov Qiziriq tumanida sayyor qabul o‘tkazdi. Unda aholi duch kelayotgan muammolar tinglanib, ularni hal etishga yechim izlandi.
Ochiq muloqotda o‘ttizga yaqin jismoniy hamda yuridik shaxs aliment, ish haqi, qarzlarni undirish, ishga qayta tiklash, sud hujjatiga asosan noqonuniy qurilmani buzish va boshqa masalalarda murojaat etdi. Jumladan, Sobir Allaniyozov Qiziriq tuman yo‘llardan foydalanish korxonasidan noqonuniy ishdan bo‘shatilgach, sud qaroriga asosan ishga qayta tiklangani, biroq unga ish haqi to‘lab berilmaganini ma’lum qildi. Ushbu murojaat joyida o‘rganilib, murojaatchiga to‘lab berilmagan 4 million 297 ming so‘m oylik ish haqi undirilib berilishi ta’minlandi.
Sayyor qabulda, shuningdek, "KAFOLAT-NUR-FAYZ" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Qiziriq tuman yo‘llardan foydalanish korxonasidan tegishli ijro hujjatiga asosan qarzdorlikni undirib berishda yordam so‘radi. Bu masala ham shu yerning o‘zida o‘rganib chiqilib, to‘lanmay qolgan 1 milliard 579 million so‘m qarz mas’uliyati cheklangan jamiyati hisob raqamiga yo‘naltirilishi ta’minlandi.
Yuzma-yuz ochiq muloqotda o‘rganish vaqt talab etadigan murojaatlarga mas’ul davlat ijrochilari biriktirilib, ijrosi qatiy nazoratga olindi.