Sayyor qabulda muammolarga yechim topildi

Bugungi kunda Buxoro viloyatda 3 ming 603 nafar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar istiqomat qiladi.
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining viloyat bo‘limi o‘z atrofiga 3 ming nafardan ortiq 1-, 2-guruh nogironlarini birlashtirgan. Joylarda jamiyatning 12 ta shahar va tuman bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ko‘rishda nuqsoni bor fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etdi. Unda imkoniyati cheklangan fuqarolarning masalalari ko‘rib chiqildi. Buning uchun shahar-tumanlardan tashrif buyuruvchi ko‘rishda nuqsoni bor fuqarolar va ularning kuzatuvchilariga zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Sayyor qabulda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Ergash Norpo‘latov, aloqador viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Sayyor qabul jarayonida fuqarolardan asosan, uy-joy bilan ta’minlash va ta’mirlash, davolanish, ishga joylashtirish, moddiy yordam ajratish, kredit olish, kommunal qarzdorlikni bartaraf etish va boshqa masalalar borasidagi muammolar bo‘yicha murojaatlar qabul qilindi. Sayyor qabul davomida imkoniyati cheklangan fuqarolarning kundalik hayotda qiynab kelayotgan aksariyat muammolari ijobiy yechim topdi.
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Ergash Norpo‘latov Buxoro viloyati hokimi bilan muloqotda tegishli O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati hududiy bo‘lim va uning nazoratidagi mahalliy bo‘linmalar, ishlab chiqarish korxonalari hamda hududdagi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonalari, dam olish markazlari va bolalarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasi (internat-maktab) faoliyatidagi muammolarni hal etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.