“Dolzarb bir oylik” tadbirlari xonadonlarga quvonch hadya etmoqda

News Image

Yurtimizda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil qilgan holda aholi daromadlarini oshirish hamda kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada faollashtirish bo‘yicha manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 martdagi “Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi farmoyishi dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

Farmoyishga muvofiq, aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamlarga ko‘mak berish maqsadida mamlakat bo‘ylab “Dolzarb bir oylik” tadbirlari amalga oshirildi. Ushbu oylik doirasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Uchquduq tumaniga biriktirilgan edi.

Korxona homiylik mablag‘lari asosida “Yo‘lchilar” ovul fuqarolar yig‘inidagi kam ta’minlangan, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan 5 ta xonadonda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Ayni paytda obod etilgan xonadonlarga ko‘chib kirgan uy egalarining quvonchi cheksiz. Zamonaviy qiyofa kasb etgan uylarda onalar va bolalar hamda nogironligi bo‘lgan insonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, farmoyish doirasida tuman aholisining turmush darajasini yaxshilash, bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan manzilli ishlar ham amalga oshirildi.

Jumladan, 56 ta xonadonga 5 tadan ona-bola qo‘ylar tarqatildi, 11 nafar og‘ir kasallikka chalingan fuqarolarning davolanishi uchun tegishli tartibda zarur mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa, “Yo‘lchilar” OFYdan 16 nafar, “Uzunquduq” OFYdan 5 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi.  

Albatta, bu kabi amaliy ishlar “Inson qadri uchun” degan g‘oyaning amaliy ifodasidir. Xalq manfaati yo‘lida olib borilayotgan bu kabi ishlar aholi turmushidagi ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘layotganligi bilan ahamiyatlidir.

2025-04-20 |

Yangiliklar