Sayyor qabulda sayyor sud majlisi ham o‘tkazildi

News Image

Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov Pastdarg‘om tumanida aholi bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazdi.

Tadbirda shuningdek, Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudi raisi, tergov sudyasi, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tumanlararo sudi, Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudi raislari ishtirok etdi.

Dastlab, Olim Hayitov sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar haqida ma’lumot berdi va fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.  

Shundan so‘ng sayyor qabul o‘tkazilib, jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi. Qabulda pastdarg‘omliklardan tashqari Samarqand shahri, Nurobod va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridan ham aholi kelib, sudlar faoliyati bilan bog‘liq masalalarini bildirdi.  

Qabul davomida 68 nafar fuqaroning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi R.Zaripov fuqarolik ishi bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini bekor qilish bo‘yicha murojaat qildi. Unga qonuniy tartiblar yuzasidan tushuntirish berilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi.

Pastdarg‘om tumani Yangisanoat mahallasida yashovchi J.Yu., Ilm mahallasidan M.I. sudlanganlikni olib tashlash yuzasidan murojaat qildi. Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun jazoni o‘tayotgan 30 nafar shaxs  pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, bunday buyon sog‘lom turmush tarzida yashab, ibratli hayot kechirishini bildirib ozodlikdan mahrum qilish jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni, 13 nafar mahkum esa ozodlikdan cheklash va axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan oldin ozod qilishni so‘radi.  

Shu yerda Pastdarg‘om tuman sudining sayyor sud majlisi tashkil etilib, har bir holat alohida ko‘rib chiqildi va qonunga muvofiq keladigan murojaatlar ijobiy hal etildi. 13 ta ma’muriy ish tomonlar yarashganligi munosabati bilan  tugatildi.

2025-04-17 |

Yangiliklar