Aholi muammolari o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda

News Image

Toshkent shahrida kambag‘allikni qisqartirish va aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda. Shu maqsadda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ishchi guruhi mahallalarda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganib, ularga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoyishi asosida e’lon qilingan “Dolzarb bir oylik” safarbarlik doirasida Mirzo Ulug‘bek, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida ishchi guruh faoliyat olib bormoqda. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Geofizika, Habib Abdullayev, Shahriobod hamda Olmazor tumanidagi Ziyokor va Universitet mahallalarida o‘rganish ishlari tashkil etildi. 

Unda mas’ul idoralar vakillari ishtirokida mehnatga layoqatli fuqarolarni ish bilan ta’minlash, tomorqalardan unumli foydalanishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shuningdek, ishsiz fuqarolar va oilalar aniqlanib, ularga oilaviy tadbirkorlik, dehqonchilik, chorvachilik hamda parrandachilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlari tavsiya etildi. Ayrim fuqarolarning murojaatlari o‘rganilib, ish bilan ta’minlash borasida amaliy yordam ko‘rsatish choralari belgilandi. 

Bundan tashqari, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Abduhamid Jo‘rayev rahbarligida ishchi guruh Shayxontohur tumanining Beltepa, Yangi Beltepa, Ibn Sino, Shodlik, Yangi Jarariq va Katta Jarariq mahallalarida sayyor qabul o‘tkazdi. Unda asosan obodonlashtirish, uy-joy ta’miri, ish bilan ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha murojaatlar qabul qilindi. Ayrim muammolar joyida hal etilgan bo‘lsa, boshqalari bo‘yicha mas’ullarga o‘rganish va tegishli choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.

2025-03-25 |

Yangiliklar