Yoshlar muammolari o‘rganildi

Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamkorligida “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Yosh xodimlar, vazirlikka biriktirilgan yoshlar hamda mahalliy tadbirkor-eksportchilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda mas’ullar tomonidan mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama rivojlanishi, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, yangi startaplarni yo‘lga qo‘yish hamda yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yoshlarning eng sevimli loyihalariga aylanib ulgurgan “Ibrat Farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz AI” va “UzChess” haqida ma’lumot berildi.
Yoshlarga slaydlar orqali tayyorlangan mavzular doirasida tushuntirishlar berildi. Yoshlar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar va masalalar bilan soha vakillariga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar va atroflicha tushuntirishlar oldilar.
Tadbir yakunida vazirlikning eng faol yosh xodimlari, ishlab chiqarish va eksport sohasida yuksak natijalarga erishgan yosh tadbirkorlar taqdirlandi.