Ishsiz ayollarga tikuv mashinalari berildi

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi lozim” degan tamoyil mamlakatimiz hayotida tobora mustahkamlanib bormoqda.
Chunki turli darajadagi davlat va boshqaruv idoralari rahbarlarining aholi vakillari bilan muloqoti, joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar odamlarning orzu istaklari, talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga imkon qadar ko‘mak berish, mavjud muammolarni aniqlash va hal etishga keng imkon bermoqda.
Andijon shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Dehqonovaning shaharning Yoyilma hamda Yangi Bo‘ston mahallalarida o‘tkazgan qabuli, aholi vakillari bilan muloqoti davomida ham qator muammolar o‘z yechimini topdi.
Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, muammolarini o‘rganish va hal etish maqsadida o‘tkazilgan qabul davomida 18 nafar xotin-qiz turli masalalar yuzasidan murojaat qildi. Murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Davolanish, uyini ta’mirlash uchun yordam ko‘rsatish, farzandini bog‘chaga joylashtirish singari qator murojaatlarni hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish, doimiy daromad manbaini shakllantirish maqsadida Yangi Bo‘ston mahallasida yashovchi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 nafar ishsiz ayolga tikuv mashinalari berildi.
– Chevarlikni o‘rganganman, lekin tikuv mashinam yo‘qligi uchun bu ish bilan shug‘ullana olmayotgan edim, – deydi Yangi Bo‘ston mahallasida yashovchi Zarifaxon Karimova. – Ishsizligim, sharoit va imkoniyatim hisobga olinib, menga zamonaviy tikuv mashinasi berilganligidan xursandman. Endi xonadonimda tikuvchilik bilan shug‘ullanib, daromad topish imkoniga ega bo‘ldim.
Bu kabi sayyor qabul, aholi vakillari bilan muloqotlar Andijon shahrining qator mahallalarida o‘tkazilishi belgilangan.