Aholi murojaatlari bo‘yicha muammolar o‘rganilmoqda

Andijon viloyatida aholi murojaatlarini o‘rganish, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida respublika Ishchi guruhi tomonidan hududlarda o‘rganishlar davom etmoqda.
Ishchi guruh Asaka tumanidagi “Beruniy” mahalla fuqarolar yig‘inining “mahalla yettiligi” faoliyati bilan tanishdi. Mahallada jinoyatchilikning oldini olish, ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, shuningdek, mehnat migrantlarining kelish-ketishi monitoringi yuritilishini o‘rganib, mahalla, mutasaddi tashkilotlar vakillariga mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan topshiriq va takliflar berildi.
“Qizil toifa”ga kiritilgan tumandagi Amir Temur mahallasida esa jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, hududda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, bu borada mutasaddi, mas’ul tashkilotlar hamda keng jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Ishchi guruh Asaka tumani “Barkamol avlod” maktabi faoliyati, maktabda yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi. Ayni kunda mazkur maktabda o‘quvchi yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning bilim va salohiyatlarini yuksaltirish maqsadida 22 nomdagi 39 ta to‘garak faoliyat yuritmoqda. To‘garaklarga 1 ming 756 nafar o‘quvchi jalb etilgan. Maktabning ko‘plab o‘quvchilari viloyat, respublika va xalqaro tanlov, festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
Ishchi guruh a’zolari mutasaddilarga “Barkamol avlod” maktabi faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi. Tadbir doirasida fuqarolarning hududlardagi bir qancha murojaatlari o‘rganilmoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan aholi murojaatlari bo‘yicha muammolarini o‘rganish viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.