Toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda
Hozir Toshkent viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Hozirda aholining 79,9 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining shahar va tuman filiallari tasarrufida bo‘lgan 827 ta suv inshootlaridagi 1 ming 238 ta nasos agregatlari orqali ichimlik suv ishlab chiqarilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, viloyatdagi jami ichimlik suv tarmoqlarining uzunligi 7 ming 564 kilometr bo‘lib, shundan 2 ming 490 kilometr qismi ta’mirlab. Ushbu holatni bartaraf qilish hamda suv yo‘qotishlarini kamaytirish uchun o‘tgan yil tegishli mablag‘lar hisobidan jami 172,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari hamda 180 ta nasos uskunalari mukammal va joriy ta’mirlandi.
Bundan tashqari, joylarda 183 dona yangi nasos agregatlari o‘rnatildi. Natijada 20 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Tuman-shaharlarda joylashgan inshootlardagi elektr energiya sarfini qisqartirish maqsadida quyosh panellari ham o‘rnatilmoqda. Aholiga uzluksiz ichimlik suv yetkazib berish maqsadida jamiyatning shahar-tuman filiallarida jami tajribali dispetcherlar, avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha brigadalar, ishchi xodimlar va avariya sodir bo‘lganda uni bartaraf qilishga ko‘maklashuvchi mashinalar mavjud.
Yuzaga kelgan avariyalarni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida barcha zarur jihozlar, asbob-uskunalar hududiy filiallar omborxonalarida zaxira sifatida saqlanadi. Xususan, Angren shahar suv ta’minoti filialining “Gulbog‘” suv inshootiga zamonaviy yangi nasos agregati o‘rnatildi. Ushbu suv inshooti 1971 yilda qurilgan bo‘lib, 1 ming 730 nafardan ortiq iste’molchini ichimlik suvi bilan ta’minlab kelmoqda.
Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar joylarda toza ichimlik suvini belgilangan tartibda aholi xonadonlariga yetkazib berishga xizmat qilmoqda. O‘z navbatida ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy tarzda ichimlik suvidan foydalanganlarga esa tegishli tartibda choralar qo‘llanilmoqda.