Ayollar har sohada tadbirkor
Barcha hududlarda bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash va daromadini oshirish orqali oilaviy sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan yil joylarda 100 ming nafardan ortiq xotin-qizlar bandligi ta’minlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish borasida samarali ishlar qilindi. Xususan, O‘rta Chirchiq tumanida ham bir qator sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Ayni paytda bu tumanda 69 ming 403 nafar xotin-qiz istiqomat qiladi, shundan tadbirkorlik yo‘nalishida 698 nafar ayollar faoliyat yuritmoqda.
Prezidentining 2022 yil 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘choqli” va “Yoriq” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida markaz tashkil etilib, 224 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitildi. 2025 yilda esa yana “Rovatak” va “Beshboy” MFY hududlarida “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari” tashkil etilishi rejalashtirilgan.
– O‘tgan yil 3 ming 983 nafar ayollar ishli bo‘ldi, – deydi O‘rta Chirchiq tuman hokimi o‘rinbosari Gulbahor Qo‘shmatova. – Shundan uzoq muddatga yer ajratilgan xotin-qizlar soni 66 nafarni tashkil etdi. 576 nafar xotin-qizlarga esa 9 milliard 143 million so‘m kredit ajratildi. Natijada ular asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, issiqxona, ishlab chiqarish, chorvachilik va parrandachilik, tikuvchilik hamda xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda o‘z yo‘lini topdi. Shu bilan birga, o‘rganishlarimiz davomida norasmiy sektorlarda band bo‘lgan xotin-qizlarning 421 nafari faoliyatini qonuniylashtirishga yordam berildi. Chet eldan qaytib kelgan xotin-qizlarning 335 nafarining bandligi ham ta’minlandi.
Jumladan, “Obod” MFYda yosh va imkoniyati cheklangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Mahalladagi Yoshlar yetakchisi Bahtigur Azatovaning o‘rganishi davomida 2 ta sharoiti og‘ir oilaning yosh uy bekasiga subsidiya asosida tikuv mashinalari olib berildi. Ular orasida Barchinoy Sodiqova ham bor. Uning turmush o‘rtog‘i bir necha yil ilgari yo‘l transport hodisasiga uchragani sabab oilasi moddiy qiyinchiliklarga duch keldi. Shundan so‘ng bu ayolga tuman mas’ullari ko‘maklashib xonadonidan chiqmasdan tikuvchilik qilishga ko‘maklashildi. Hozirgi kunda u bir oyda 5 million so‘mgacha daromad qilib 3 nafar farzandini tarbiyalamoqda.
Umuman olganda, O‘rta Chirchiqda bu kabi xayrli tashabbuslar tufayli ko‘plab xotin-qizlarga amaliy ko‘mak berilmoqda.