Qizilravot ovulida yangi yil shodiyonalari
Buxoro viloyati Romitan tumanidan 265 kilometr uzoqlikda, Qizilqum kengliklari bag‘rida, qo‘shni Xorazm viloyatiga chegaradosh, mamlakatimizning janubiy “qon tomiri” – Amudaryoga yondosh “Qizilravot” aholi maskanida ham yangi yil shukuhi davom etmoqda.
“Qizilravot” mahalla fuqarolar yig‘inida 135 ta xonadonda aksari qozoq millatiga mansub 800 ga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Bugungi Qizilravot va ovul hayoti o‘n yil burungi cho‘lquvarlar turmushidan tubdan farq qiladi.
Masalan, 2021 yilda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yaroqsiz elektr tarmoqlari hamda transformatorlarni, simyog‘ochlarni beton ustun bilan yangilash, yo‘l qurilishi kabi ishlar bajarilib, hudud qiyofasi o‘zgardi. Aholining sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida oilaviy shifokor punkti yangidan barpo qilingani ovulliklarni behad quvontirdi.
“Romitan dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyat va qator fermer xo‘jaliklari tomonidan arzonlashtirilgan narxlarda go‘sht, tuxum, kartoshka, o‘simlik yog‘i, un, guruch kabi ro‘zg‘orga birinchi navbatda kerakli oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkillashtirilishi olis ovulda yashovchilar mushkulini oson qildi.
Yangi yil bayrami oldidan, albatta, tuman hamda Gazli shaharcha hokimligi, xalq qabulxonasi mas’ullari, deputatlar, ma’muriy sektorlar rahbarlari uzoq cho‘lquvarlar maskanida ezgu ishlar qatorida ehtiyojmand oilalarga bayram shodligini ulashishni maqsad qilishgan.
Kuni kecha xonadonlar, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalarga kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilib, sovg‘alar ulashilgani ovuldagilar va ular farzandlarini xursand qildi. Bu kabi xayrli tadbir qizilravotliklarga nafaqat moddiy, balki ma’naviy madad ham bo‘ldi. Xayrli tashabbus tumanning barcha mahalla va qishloqlarida davom etmoqda.