Aholi muammolari hal etilmoqda

Termiz shahridagi Abdulla Avloniy va Jayxun mahallalarida 9 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda aholi turmush farovonligini yuksaltirish, ularni ijtimoiy himoyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu mahallalar aholisi to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan bo‘lib, “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritilgan. 37 ta “Keys menejment” ochilib, oilalarning ijtimoiy va iqtisodiy holati yaxshilanishiga erishildi. Og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlar olib borilib, ularning iqtisodiy ahvoli tahlil qilinmoqda. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash, ma’lumotlarni taqdim etish ishlari samarali tashkil etilmoqda. Uyma-uy yurish chog‘ida ular o‘rtaga tashlayotgan masalalarni hal etish yo‘llari izlanmoqda.
– Mahallada ishlaydigan ijtimoiy xodim aholining ijtimoiy xizmat va yordamlar haqida xabardorligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni tashkil qilish, ularning murojaatiga asosan, kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda o‘z tashabbusi bilan “ijtimoiy ish”ni ochish hamda individual ijtimoiy xizmatlar rejasini tuzish uchun dastlabki baholash o‘tkazishni amalga oshiradi, – deydi Abdulla Avloniy va Jayxun mahallalari uchun mas’ul “Ijtimoiy xodim” Shuhrat Ashurov. – Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga zarur hollarda qisqa muddatli individual ijtimoiy yordam rejasini tuzish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmat va yordamlar to‘g‘risida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish berish asosiy vazifalarimizdan.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va ijtimoiy xodim tomonidan “Keys menejment” usuli qo‘llanilgan holda aholining barcha muammolari bosqichma-bosqich hal etilmoqda.