Toza ichimlik suvdan muammolar bo‘lmaydi
Yil sayin Toshkent viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlar kengaymoqda.
Bu orqali odamlarning turmush farovonligi oshirilib, mahallalar infratuzilmasi yanada yaxshilanmoqda.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2017 yil 3 martdagi tegishli qaroriga asosan Osiyo taraqqiyot banki kredit mablag‘lari evaziga joylarda joriy yil boshidan beri ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Zangiota tumanidagi suv taqsimlash inshootlarning ishga tushishi hududda aholining ichimlik suvi ta’minotini oshirish, suv muammosi va isrof bo‘lishini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari, tashkilotning “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ vakillari, tuman mutasaddilari, soha mutaxassislari va hudud faollari qatnashdi. Xususan, “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 1 ming 520 nafar aholining toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi.
Hozirgacha bu hududda yashovchilarga belgilangan tartibda ichimlik suvi yetkazilgan edi. Qurilish jarayonida 2 ta 200 metr kub yopiq suv saqlash hovuzi, 1 ta nasos binosi, 4 ta zamonaviy nasos agregatlari va 1 ta xlorlash jihozi o‘rnatildi. Bundan tashqari, reja bo‘yicha 4 ming 200 metr masofada tarmoq quvurlari tortilib, 176 ta xonadonga maxsus hisoblagichlar o‘rnatildi. Joylarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari tufayli bu joylarda endi aholi suv ta’minotidan qiynalmaydi.
Tadbir ishtirokchilari mazkur loyiha faoliyati bilan tanishdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududga ko‘chatlar ekildi. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalarda Germaniyaning aqlli hisoblagichlari, zamonaviy elektr tejamkor nasos agregatlaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa toza ichimlik suvini belgilangan tartibda aholi xonadonlariga yetkazib berishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Qibray tumanidagi “Chinobod” suv inshooti ham qaytadan rekonstruksiya qilinib, ishga tushirildi. Buning natijasida “Uzumzor”, “Xo‘jaqo‘rg‘on”, “Po‘lat-qadam”, “Shalola” va “May” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlandi.